Quvonarlisi shundaki, Shirinoyning she’riyatga qiziqishi bilan birga ertaklar, hikoyalar mutolaa qilishga va yozishga ishtiyoqi yuqori. Bunday deyotganimning boisi, hozirgi kunda ham, o’tmishda ham ayol-qizlar orasida nazmga ixlos balandroq bo’lib, ijodkor qizlar ko’pincha she’riy asarlar yaratishgan va yaratishmoqda. Albatta, adabiy jarayonda bu ham ijobiy holat. Lekin, aksariyat kitobxonlar orasida ayollar nasri maqtagulik darajada emas, ular nasrda qalam tebratishga biroz ojizlik qiladilar degan fikr shakllangan. Garchi hozirgi kunda nasrda muvaffaqiyat bilan ijod qilayotgan ayol ijodkorlarimiz bor bo’lsa-da. Zulfiyaxonim e’tirof qilganlari “bu bog’lar”da nafaqat she’riyat, balki nasr chechaklari ham chappor urib gullayotgani bor gap. Mana shunday chechaklar safiga yana bir g’uncha qo’shilayotgani behad quvonarli hol.
Shirinoyning hikoyalarini o’qir ekanman, ularda murg’ak qalbning tevarak-atrofda, insonlar orasida, tabiatda sodir bo’layotgan voqea-hodisalarga nisbatan beg’ubor munosabati, uyg’oq tuyg’ular tug’yonini ko’rdim. Shirinoy o’zining turfa o’y-xayollarini nafaqat tafakkur ko’zgusidan o’tkazgan, ularni qog’ozga tushirishga ham harakat qilgan. Bu esa uning yuragida ijod qilishga bo’lgan ishtiyoq, so’zga bo’lgan ixlosmandlikdan darak beradi. Ya’ni uning yuragiga cho’g’ tushgan. Ijod va ilhom uchquni. To’g’ri, uning hikoyalari hali kamchiliklardan xoli emas, umidimiz, muallif o’zi ustida, so’z ustida o’zini ayamay ter to’ksa, mehnat qilsa, bu g’alizliklarga albatta barham beriladi. Shu o’rinda uning tabiatdan, xalq og’zaki ijodi, ertaklardan ta’sirlanganligi va bu taassurotlar hikoyalarida aks etganligini aytib o’tmoq joiz. Ijodkor qalbi behad ta’sirchan bo’ladi, u hamisha uyg’oq, sergak va bedor. Ijodkor ta’sirchan bo’lganligi uchun ham boshqalar ko’ra olmagan narsalarni ko’ra oladi, uning bunyodkorligi ham shunda. Adabiy ta’sirga keladigan bo’lsak, ko’pgina muayyan badiiy asarlar ta’sirida mutlaqo boshqa, yangi badiiy asarlar dunyoga kelganligi adabiy jarayonda ko’p bora kuzatilgan hodisa bo’lib, ayniqsa xalq og’zaki ijodi va asotirlarning o’rni bu borada beqiyos. Demoqchi bo’lganimiz, bizning adabiyotimiz behad teran daryolardan suv ichadi, uni o’qib, o’rganib, ta’sirlanib yaratiladigan asarlar ham shunga yarasha kuchli bo’ladi. Umidimiz, Shirinoy va unga tengdosh ijod olamiga kirib kelayotgan yoshlarimiz shu buyuk boyligimizni o’rgansalar, ko’proq o’qib, oliy ma’naviy va milliy qadriyatimiz bo’lgan ona tilimizni xazina misol asrab, yanada boyitsalar, kelgusida adabiyotimiz bundan-da yuksak maqomlarga ko’tarilmoqqa qodir bo’ladi.
Qizimiz Shirinoyning yuragiga tushgan ijod uchquni unga muborak bo’lsin, vaqt shamollarida u so’nib qolmasdan, aksincha, gurillab yonib, chinakam alangaga aylansin!
Munavvara Qurbonboyeva,
O’zbekiston Yozuvchilar
Uyushmasi a’zosi, shoira.
Konstitutsiya - baxtimiz poydevori!
Har yili konstitutsiyamiz qabul qilingan kuni nishonlar ekanmiz davlatimiz rahbari o’zlarining bayram tabrigini fuqorolarga yo’llaydi. O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi mamlakatimizning demokratik davlat va fuqorolik...